O‘zbekiston OAVida bolalar farovonligi masalalarining yoritilishi loyihasi yakunlandi

O‘zbekiston OAVida bolalar farovonligi masalalarining yoritilishi loyihasi yakunlandi

Toshkent shahrida Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, O‘zbekiston bosma OAV va AA ni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida 2014-2015 yillar davomida amalga oshnrilgan “Sog‘lom bola yili va Bola huquqlari Konvensiyasining 25 yilligiga bag‘ishlab bola huquqlarini himoya qilish masalalarini yoritishda OAV salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida “O‘zbekiston OAVida bolalar farovonligi masalalarining yoritilishi” mavzusida davra suhbatini tashkil etdi.

Tadbirda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, O‘zbekiston bosma OAV va AA ni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, loyihaning hududiy koordinatorlari va uning eng faol qatnashchilari, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Loyihaning maqsadlari quyidagilardan iborat edi:

  • bola huquqlari va farovonligini ta’minlash masalalarini yoritishda jurnalistik materiallar sifatini oshirish va mazkur mavzuda OAVda materiallar chop etilishi va efirga uzatilishining muntazamligini ta’minlash;
  • bola huquqlarini himoya qilish masalalarida OAVning davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, oilalar va bolalar bilan aloqalarini mustahkamlash orqali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish va uning barqarorligini ta’minlash.

Geografik jihatdan loyiha O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari hamda Qorakalpog‘iston Respublikasini qamrab oldi. Loyiha doirasida hududlarda bevosita bolalar masalalarini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar guruxi tuzilib, davlat va jamiyat tashkilotlarining mutaxassislari va OAV vakillari hamkorligida “Onalik va bolalik muhofazasi», “Oila va jamiyat, oilani mustahkamlashda mahallaning roli”, “Ta’lim sifati”, “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy huquqlari”, “Oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish, ona va bola salomatligini mustahkamlashda o‘zini o‘zi boshqarish organlari va qishloq vrachlik punktlarining hamkorligi”, “Inklyuziv ta’lim: mohiyat, maqsad va muruvvat”, “Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish” kabi mavzularda 77 ta “davra suhbatlari” tashkil etildi. Bularning barchasi jurnalistlar mahoratini oshishiga hamda mazkur mavzularda tahliliy materiallar sonining ko‘payishiga olib keldi.

OAVda e’lon qilingan jurnalistik materiallarni sifat va son jihatidan aniqlash uchun monitoring o‘tkazildi va uning natijalari “davra suhbati”da e’lon qilindi. O‘z navbatida hududiy koordinatorlar loyiha davomida amalga oshirilgan ishlar, yutuq va kamchiliklar xususida so‘zga chiqishdi. Tadbir so‘ngida loyihani kelajakda davom ettirish maqsadida takliflar ishlab chiqildi.

Tadbir so‘nggida YUNISEFning moliyaviy ko‘magida jurnalistlar uchun “O‘zbekistonda onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha xizmatlarni takomillashtirishning OAVda yoritilishi” mavzusida eng yaxshi jurnalistik material uchun tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Fotosuratlar  muallifi: Husniddin Ato
 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.