Alkogol va tamaki bozorini raqamlashtirish jadallashtirilmoqda

Foto: @Department_uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 iyundagi PF–84-son Farmoni bilan alkgol va tamaki bozorini yil yakuniga qadar to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar berilgan edi.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida, Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i joriy yilning 7 iyun kuni  Birlashgan Arab Amirligining “Industrial Innovation Group” hamda mahalliy bozorda IT-sohasida yetakchi bo‘lgan “Center for Digitel Technology and Innovation Ltd” kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Uchrashuvda “Industrial Innovation Group” kompaniyasining aksiz markalarni qalbakilashtirishga chek qo‘yish maqsadida, uning himoya darajasini oshirish usullari hamda aksiz markalar hisobi va harakatini kuzatish imkonini beruvchi “TRACK & TRACE” axborot tizimi bo‘yicha taqdimoti bilan tanishildi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Center for Digitel Technology and Innovation Ltd” kompaniyasining etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va aylanmasi hajmini hisobga olish tizimini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi axborot tizimi bo‘yicha taqdimoti ko‘rib chiqildi.

Departament boshlig‘i sohani raqamlashtirishda mahsulotlari harakati zanjirini to‘liq monitoring qilish, soliq tushumlari ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish hamda sohadagi xavflarni tahlil qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha takliflarini berdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar kelishib olindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.