O‘zbekistonning turli hududlarida Meksika orqali AQSHga yuborishni va’da qilganlar ushlandi

Foto: Sputnik.by

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot organlarining boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishni vaʼda qilganlar ushlandi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, Andijon viloyati, Marhamat tumanida yashovchi, 1997-y.t. shaxs Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika davlati orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 19 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, 15 ming AQSH dollaridan 6 ming AQSH dollarini olgan vaqtida mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, Marhamat tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro ham qo‘lga olindi.

Shuningdek, Samarqand viloyati, Pastdargʻom tumanida yashovchi, 1997-y.t. shaxs Nurota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Jizzax shahrida yashovchi, 1998-y.t. shaxs 15 ming AQSH dollari evaziga Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 12 ming AQSH dollari va 6 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati, Angren shahrida yashovchi, 1990-y.t. ayol Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni “Turkiya-Nikaragua-Meksika” yo‘nalishi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 9 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.