Nobel mukofoti sovrindori O‘zbekistonda agrar soha kadrlarini tayyorlashda ishtirok etadi

Фото: The Global Energy Association

Toshkent davlat agrar universiteti Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, professor, janob Rae Kvon Chung bilan shartnoma imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.

O’zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan vazirlik huzuridagi ta’lim maskanlari faoliyatini tubdan modernizatsiya qilish ishlari keng qamrovli amalga oshirilmoqda.

Xususan, bugungi kunda Janubiy Koreya Respublikasi qishloq xo‘jaligini fan-ta’lim yo‘nalishlarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatida ilk bor, 2000 yilda nashr etilgan «Texnologiyalar transferining metodologik va texnologik masalalari» bo‘yicha IPCC Maxsus hisobotining bosh muallifi sifatida 2007 yilda IPCCga berilgan Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, professor, janob  Rae Kvon Chung bilan shartnoma imzolandi.

Mazkur shartnomadan asosiy ko‘zlangan maqsad kelajakda mamlakatimiz hayotining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasiga «Smart» texnologiyalarni tatbiq etish va rivojlantirish borasida ilmiy izlanishlar olib borish hamda ilmiy izlanishlar natijasini ishlab chiqarishga yo‘naltirishga tavsiya berishdan iborat.

Kelgusida universitet ilmiy jamoasi va professor Rae Kvon Chung o‘rtasida imzolangan shartnomadagi kelishuvga ko‘ra, agrar sohani paxtachilik, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha va yashil o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha hamkorlik ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ta’lim maskanining bakalavr talabalariga ma’ruza darslari, magistr va yosh tadqiqotchilariga ilmiy rahbar bo‘lib birgalikda ilmiy izlanishlar amalga oshiriladi. Kelishuvning yana bir muhim jihatlaridan biri, professor Rae Kvon Chung bilan hamkorlikda universitetda laboratoriyalar tashkil qilinadi va har bir ilmiy ishlanmalar ushbu laboratoriyalarda tahlil qilinadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.