“Tez yordam” xizmatidagi reanimobillar soni ochiqlandi

Фото: ССВ матбуот хизмати

Jahon tajribasida tez tibbiy yordam xizmatidagi avtotransport vositalaridan foydalanish muddati o‘rtacha 5-8 yilni tashkil etadi. Yurtimizda ham 8 yildan oshgan ana shunday avtomashinalarni yangilash belgilangan. Bu haqda SSV matbuot xizmati yozmoqda.

Xususan, Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “103” xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilyapti.

“Aytish kerak, bundan 6-7 yil avval “Tez yordam”da jami 1868 ta avtomashina bor edi. 2024 yilning ayni davriga kelib esa 3122 ta avtotransport vositasi aholiga sifatli xizmat ko‘rsatyapti”, – deyiladi xabarda.

Jumladan, 2021 yil “103”da “B” toifali 435 ta reanimobil bo‘lgan bo‘lsa, bugun bunday avtoulovlar soni 577 tani tashkil etmoqda.

Ularning:

227 tasi “Ford”;

216 tasi “Hyundai”;

46 tasi “Toyota”;

88 tasi “Nissan” kabi zamonaviy avtotransport vositalaridir.

“Mazkur avtomashinalarning qulayligi shundaki, ularda tezkor reanimatsiya va yo‘l-yo‘lakay jarrohlik amaliyoti o‘tkazish imkoni mavjud. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu avtoulovlar xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy brigada xodimlarining qulay joylashishi imkonini beradi”, – deyilgan.

Ma’lumot o‘rnida o‘tgan 2023 yil Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki 685 ta, joriy yil fevral va mart oylarida yana 100 ta A toifali “Volkswagen Caddy” avtoulovlari bilan boyidi. Natijada bugunga kelib, tizimda bunday avtotransport vositalari soni 800 dan oshdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.