Yevroittifoq AQSH ishtirokisiz Ukrainaga 40 mlrd yevro kredit ajratishga tayyor
Yevroittifoq AQSH tomonidan Rossiya aktivlari Yevropada muzlatilishi bo‘yicha kafolatlar berilishiga Vengriya veto qo‘yishi ehtimoli yuzasidan muqobil yo‘llarni qidirmoqda, deb xabar qiladi Financial Times o‘z manbalariga tayanib. AQSH bilan qo‘shma yordam haqidagi reja asosiy bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, yil oxirigacha Ukrainaga Yevroittifoq tomonidan 40 milliard yevrolik kredit taqdim etish varianti ko‘rib chiqilmoqda.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriya vakili Yevroittifoqning Bryusseldagi elchilariga bu masalani AQSHdagi saylovlardan keyin hal qilishga to‘g‘ri kelishini aytgan. Budapesht qarorga veto qo‘yishi mumkinligi tufayli, Bryussel muqobil yo‘llarni qidirmoqda. 40 milliard yevro kredit allaqachon mavjud ko‘makning kengaytirilishi bo‘lib hisoblanishi taxmin qilinmoqda. Shu munosabat bilan, qaror qabul qilinishi uchun bir ovozdan ovoz berilishi emas, balki Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlarning ko‘pchiligi ovozi talab etiladi.
Iyunda G7 yetakchilari Ukrainaga 50 milliard dollar miqdorida kredit taqdim etish haqida kelishib olgandi, u Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan keladigan daromad bilan so‘ndiriladi. AQSH va Yevroittifoq o‘z zimmasiga 20 milliard dollardan olishi, qolgan 10 milliard dollarni Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanada bo‘lib olishi ko‘zda tutilgandi. Biroq AQSH Rossiya aktivlari Yevropada muzlatilgan holatda qolishi borasida kafolatlarni talab qildi.
Sharhlar