Eron yaqin 48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkin
Eron 48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkin. Bu haqda Vox News nashri 3-aprel, chorshanba kuni xabar berdi. Ta’kidlanishicha, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi ehtimoliy hujum haqida Isroil rahbariyatini xabardor qilgan.
Isroil bu axborotga jiddiy yondashib, allaqachon zaxiradagi harbiy xizmatchilarni, xususan, “Temir gumbaz” havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi operatorlarini safarbar qilgan va Harbiy-havo kuchlarini to‘liq jangovar shaylik holatiga keltirgan. Mintaqada allaqachon GPS bilan bog‘liq muammolar boshlangani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba berdi, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK)ning “Al-Kuds” bo‘linmasi komandiri general Muhammad Rizo Zohidiy halok bo‘ldi. Yana bir general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy va korpusning boshqa besh a’zosi ham halok bo‘ldi.
Shundan keyin Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi BMT bosh kotibi va Xavfsizlik kengashiga xat yuborib, Eron Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujum uchun Isroilga qat’iy javob qaytarish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa zarba uchun mas’uliyatni AQSHning zimmasiga yukladi, chunki u, Tehron qayd etishicha, “sionistik rejim” tarafdoridir.
Sharhlar