Moskvadagi teraktdan keyin politsiya bo‘limida vafot etgan chechenistonlik teraktga aloqador bo‘lmagani aytilmoqda

Фото: нашанива

Chechenistonning inson huquqlari bo‘yicha mas’ul vakili Mansur Soltayev ma’lum qilishicha, respublika fuqarosi Asxab Uspanovning hibsga olinishi “Krokus Siti Xoll”dagi terakt bilan bog‘liq bo‘lmagan, uning Moskvadagi politsiya bo‘limida vafot etishi esa o‘z joniga qasd qilish deb hisoblanilmoqda.

Checheniston ombudsmani Uspanovning ushlanishi va o‘ldirilishi haqidagi xabarlarni “mish-mish va uydirma” deb atadi. Shuningdek, marhumning qarindoshlariga tayanib, Uspanov teraktdan bir necha soat avval qo‘lga olinganini va u “Krokus”ga hujumga aloqador bo‘la olmasligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 22-mart kuni kechqurun, “Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan keyin qo‘lga olingan chechenistonlik Asxab Uspanov noma’lum sabablarga ko‘ra bir necha soatdan keyin vafot etgani xabar berilgan edi.

Chechenistonning 1ADAT muxolifat Telegram-kanali da’vo qilishicha, Uspanov ushlanganidan keyin qiynoqqa solingan, qovurg‘alari va umurtqasi singan, bo‘g‘ish va gematoma izlari bo‘lgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.