Ukrainada 49 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lgan — OAV

“Mediazona” va BBC Ukrainadagi urushda 49 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lganini tasdiqladi, deb yozadi Meduza.

So‘nggi ikki hafta ichida jurnalistlar va ko‘ngillilar tomonidan yuritiladigan, halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar ro‘yxatiga 1580 kishining ism-sharifi qo‘shildi. Qurbonlar ro‘yxatida jami 3300 dan ortiq armiya va boshqa kuch tuzilmalari ofitserlari bo‘lib, shularning 386 nafari podpolkovnik va undan yuqori unvonlar sohiblari bo‘lgan.

“Mediazona” “Vyorstka” nashrining Rossiyada safarbarlikning yangi to‘lqini tayyorlanayotgani va Rossiya Mudofaa vazirligi eng yaqin orada urushga yana 300 ming kishini yuborishni rejalashtirayotgani haqidagi xabariga e’tibor qaratdi. Mustaqil kuzatuvchilar avvalroq Vladimir Putin qayta saylanganidan keyin Rossiyada yangi safarbarlik boshlanishi mumkinligini bir necha marta taxmin qilib chiqqan edi. Mudofaa vazirligi esa hozircha bunday rejalar yo‘qligini bildirgandi.

Jurnalistlar yozishicha, o‘z ixtiyori bilan jang qilishga ketish istagida bo‘lgan rossiyaliklar sonini hisoblab chiqish qiyin. “Banklar urush ishtirokchilariga taqdim etayotgan kredit ta’tillari haqidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bitta chorak ichida armiyaga kamida 30 ming kishi qo‘shilmoqda — bular faqat kreditlari bo‘lgan va ularning muddatini uzaytirishni istaganlar”, — deya qayd etadi “Mediazona”.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.