Aleksandr Bastrikin Rossiyada niqob kiyishni taqiqlashga chaqirdi. Qodirov, bayonotlarda ehtiyotkorroq bo‘lish kerak, deb javob berdi
Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Xalqaro yoshlar yuridik forumida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiyada niqob kiyishni zudlik bilan taqiqlashga chaqirdi. Bu haqda RBC xabar bermoqda.
Bu masalani forum tinglovchilaridan biri ko‘tarib, O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari yuzni berkituvchi diniy libos kiyishni taqiqlashini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday taqiq Rossiyada ham ehtimoliy terrorchilik tahdidi tufayli joriy etilishi kerak.
Bastrikin bu fikrga qo‘shildi va tegishli qonunni qabul qilish uchun Davlat Dumasiga murojaat qilishni taklif qildi. Shuningdek, u Rossiyada so‘nggi paytlarda sodir etilgan teraktlar islomchilar tomonidan sodir etilganini ta’kidlab, muhojirlarning xatti-harakatlarini qonunchilik choralari bilan tartibga solish zarurligini ta’kidlagan.
Ramzan Qodirovdan tanqid javobi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Aleksandr Bastrikinni islomni terrorizm bilan solishtirgani uchun tanqid qildi. Qodirov o‘zining Telegram’dagi kanalida musulmonlar terrorchilik qilmasligini ta’kidlab, dinni fanatizm bilan aralashtirmaslikka chaqirgan. Shuningdek, u bunday bayonotlar mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlaydi.
“Bastrikin Rostov va Dog‘istondagi so‘nggi teraktlarni esladi va ularni sodir etganlarni “islomchi terrorchilar” deb atadi. “Men Aleksandr Ivanovichga aytmoqchimanki, bunday bayonotlarda juda ehtiyot bo‘lish kerak”, – deb yozdi Qodirov Telegram-kanalida.
Bastrikinning oldingi bayonotlari
Avvalroq Aleksandr Bastrikin Davlat Dumasini “mamlakatning ahmog‘i” deb atagan va parlamentni migratsiya bo‘yicha “yaxshi qonunlar” qabul qilishni istamaganlikda ayblagan edi. Bu ibora Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning reaksiyasini keltirib chiqargandi va u deputatlarni Rossiya fuqarolari saylagani va shu tariqa Bastrikin xalqni haqorat qilganini aytgandi.
Ertasi kuni Bastrikin mahkumlarni saqlash uchun katta byudjet xarajatlarini aytib, o‘lim jazosini Rossiyaga qaytarishni taklif qilgan. U 145 kishi halok bo‘lgan Krokus Citi Xolldagi teraktni misol qilib keltiradi va bir mahkumni saqlash yiliga byudjetga 30 ming rubl tushishini qayd etadi. Bastrikin prezident farmoni bilan o‘lim jazosiga qo‘yilgan moratoriyni bekor qilishni taklif qildi.
Sharhlar