Yevroparlament Armanistonning Yevroittifoqqa a’zolik uchun arizasi masalasida rezolyutsiya qabul qildi

Foto: UNN

Yevroparlament Yevroittifoq va Armaniston o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilishi zaruriyati to‘g‘risida, shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik bitimi haqida rezolyutsiya qabul qildi, deb yozadi “Kommersant”. Hujjat qabul qilinishini yoqlab 504 deputat ovoz berdi, 4 kishi qarshi chiqdi, 32 nafari esa betaraf qoldi.

Rezolyutsiyada Yevroparlament pozitsiyasi ko‘rsatilgan bo‘lib, unga muvofiq, agar Armaniston birlashmaga qo‘shilish uchun nomzod maqomini olishga ariza berishga qiziqsa, Yevroittifoqning ushbu mamlakat bilan munosabatlari o‘zgarishi mumkin. Qabul qilingan rezolyutsiyada Yevroparlament deputatlari Yevroittifoqni Armanistonni birlashma bilan hamkorlikda, shu jumladan Xavfsizlik sohasidagi sheriklikda qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Rezolyutsiya, shuningdek, Ozarbayjonni Tog‘li Qorabog‘ armanlari bilan muzokaralarga kirishib, “ularning huquqlarini hurmat qilish va xavfsizligini kafolatlash”ga chaqirdi. Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, Ozarbayjon “hibsda qolayotgan Tog‘li Qorabog‘ va Aramniston fuqarolarining barchasini ozod qilishi” kerak.

9-mart kuni Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Turkiyaning TRT World telekanali efirida arman hukumati Yevroittifoqqa qo‘shilish uchun ariza berishni faol muhokama qilayotganini aytgandi. Uning qayd etishicha, hozircha hech kim ushbu jarayon yakuni yuzasidan ishonch bilan hech narsa deya olmaydi. Yevroittifoq va AQSH Armanistondagi demokratik islohotlarga ko‘maklashmoqda, dedi u. Mirzoyan dekabrda ham Yerevanning “Yevropa tomonga intilishlari” haqida gapirgan va mamlakat Yevroittifoqqa imkon qadar yaqinlashmoqchi ekanini ta’kidlagandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.