Avstraliya rossiyalik 55 kishi va 37 ta tashkilotga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Avstraliya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilganiga ikki yil to‘lgani munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”. Ular 55 kishi va 37 ta tashkilotga nisbatan kiritildi.
Jismoniy shaxslarga qarshi “moliyaviy sanksiyalar” va safarlarga taqiq kiritildi, deyiladi Avstraliya TIV press-relizida. Ular “ukrainalik bolalar deportatsiyasiga aloqadorlarga” yo‘naltirilgan. Gap Xalqaro jinoyat sudidagi sudlashuv haqida bormoqda. Moskva da’vo qilishicha, bolalar deportatsiya qilinmagan, balki xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan. Shuningdek, Rossiya hukumati bolalarning o‘z oilalariga qaytarilishiga ko‘maklashishini bildirgandi.
Yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar mudofaa, energetika, media va tog‘-kon sektorlariga tegishli bo‘ldi. Shuningdek, Avstraliya “Rossiyaning Belarus, Eron va Shimoliy Koreyadagi xarid tarmoqlari”ni nishonga oldi.
Avstraliya jami 1,2 mingdan ortiq sanksiyalar joriy qildi. Mamlakat, shuningdek, Kiyevga 50 million dollar ham ajratmoqda. Ikki yil ichidagi umumiy ko‘mak summasi 960 million dollarni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevral kuni Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketini e’lon qildi. Qora ro‘yxatga yana 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxs kirdi. Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa institutlari va Yevroittifoq fuqarolariga nisbatan “stop-ro‘yxat” kengaytirilishini ma’lum qildi. AQSH Rossiya moliya sektoriga, mudofaa-sanoat majmuasiga, shuningdek, marhum Aleksey Navalniyning hibsga olinishiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar haqida e’lon qildi. Keyinroq Kanada ham Rossiya qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.
Sharhlar