Rossiyada terakt yuzasidan qidirilayotgan avtomobil to‘xtatilib, 2 kishi qo‘lga olingan. Ular Tojikiston fuqarolari

Rossiyaning Bryansk viloyatida huquq-tartibot organlari xodimlari “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi terakt yuzasidan qidirilayotgan avtomobilni to‘xtatdi, deb yozadi Meduza ba’zi Telegram-kanallarga tayanib. Bu ma’lumot hukumat tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q.

Baza ma’lumotlariga ko‘ra, ichida ehtimoliy jinoyatchilar bo‘lgan avtomobil Belarus va Ukraina bilan chegaradan bir necha kilometr masofadagi Tyopliy qishlog‘i yaqinida to‘xtatilgan. Mashinada, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi bo‘lgan, ularning ikki nafari qo‘lga olingan, qolganlar qochib ketgan. Tojikiston fuqarolari qo‘lga olingan, deyiladi xabarda.

Avvalroq OAVlar huquq-tartibot organlari teraktda gumonlanuvchilar oq Renault mashinasida qochib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi. Shuningdek, kulrang Renault avtomobili ham qidirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Astra Telegram-kanali yozishicha, politsiya ikkita Renault avtomobilidan tashqari, gumonlanuvchilar bo‘yicha ma’lumotlarga ega emas.

Ayni vaqtda “Ostorojno, Novosti” Bryansk viloyatida to‘xtatilgan mashinada harakatlangani taxmin etilayotgan odamlar fotosuratlarini e’lon qilmoqda.

22-mart kuni kechqurun “Krokus Siti Xoll”da yuz bergan teraktda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 60 dan ortiq odam halok bo‘lib, 140 dan ziyod kishi jabrlangan. “112” Telegram-kanali keltirayotgan norasmiy ma’lumotlar bo‘yicha esa, 82 kishi halok bo‘lgan va 183 kishi jabrlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.