Kim Chen Inning singlisi Seulni “axlat urushi” kuchayishi xavfi haqida ogohlantirdi
Janubiy Koreyaning Shimoliy Koreya bilan chegarada ovoz kuchaytirgichlar orqali tashviqiy eshittirishlarni ishga tushirish qarori “juda xavfli vaziyat”ga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qildi KXDR Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, respublika yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon.
Seul hukumati bu qarorni KXDR tomonidan davom etayotgan “axlat hujumlari”ga javob deb atagandi. May oyining oxiridan beri Shimoliy Koreya Janubiy Koreya tomon 1000 dan ortiq sharlarni uchirgan, ularga axlat qoplari – hojatxona qog’ozi, plastik butilkalar, batareyalar, poyabzal qismlari va go’ng biriktirilgan.
Pxenyan, o‘z navbatida, bunday sharlarning uchirilishi Janubiy Koreyaning avvalgi harakatlariga javob ekanligini, u ham KXDRga Kim Chen In rejimiga qarshi kurashga chaqiruvchi havo sharlaridagi varaqalar, shuningdek, dollar kupyuralari va qog‘oz pullarni yuborganini aytdi.
Kim Yo Chjon KXDRning reaksiyasini o‘rinli deb atadi. Uning fikricha, Pxenyanning xatti-harakatlarida, Seulnikidan farqli o‘laroq, “hech qanday siyosiy ig‘vo yo‘q”. “Agar ular varaqalar tarqatib, chegarada ovoz kuchaytirgichlar orqali tashviqot olib boradigan bo‘lsa, biz, shubhasiz, mamlakatimizning yangi reaksiyasiga guvoh bo‘lamiz. Men Seulga nizoning yanada kuchayishiga olib boradigan xavfli harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni jiddiy maslahat beraman”, — dedi Kim Yo Chjon.
KXDR sharlar yuborishni 9-iyun kuni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo “vaziyat o‘zgardi”, dedi u ovoz kuchaytirgichlar bilan vaziyatni nazarda tutib.
“Axlat hujumlari” davom etayotgani xabar berilmoqda: 10-iyunga o‘tar kechasi KXDR chegara orqali Janubiy Koreyaga chiqindi ortilgan 310 ga yaqin sharlarni uchirgan.
Sharhlar