Estoniya: Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasi muayyan taklif sifatida ko‘rib chiqilgani yo‘q
G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qo‘shinlar yuborilishi Parijdagi davlat va hukumat rahbarlari konferensiyasida ma’lum bir taklif sifatida ko‘rib chiqilgani yo‘q, deya ma’lum qildi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas.
“Aslida gap qo‘shinlarni yuborish haqida bo‘lgani yo‘q, bunaqa taklif bo‘lmadi. Ehtimol, tarjima chog‘ida qaysidir so‘z tushib qolgandir. Muzokaralarning mavzusi bu emas. Ha, har xil narsa muhokama qilindi. Muhimi hammamiz Ukrainaga hozir, o‘zimizda bor imkoniyatlar bilan qanday yordam berishimiz mumkinligi haqida bosh qotirishimiz kerak. Bu istak hammaga borib yetdi va shunisi ijobiyki, muzokaralar stoli atrofidagilar harakatga o‘tish bo‘yicha ulkan istak va irodani namoyish etishdi”, — dedi Kallas Postimees gazetasiga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Estoniyaning o‘zi ikki yil ichida Ukrainaga qo‘shinlar yuborish masalasini nazariy jihatdan muhokama qilish bo‘yicha ham tashabbus ko‘rsatmagan.
“Biz ukrainaliklar bizdan so‘rayotgan narsalardan kelib chiqamiz: ular o‘q-dorilar, texnika, havo hujumiga qarshi mudofaa so‘ramoqda”, — dedi Kallas.
Uning aytishicha, Parijdagi uchrashuv Ukraina uchun muhim bo‘lgan bir nechta yechimlarni keltirgan. Avvalo, tez orada Ukraina uchun yangi o‘q-dori yetkazmalari ochilishi borasida umid paydo bo‘ldi, shuningdek, o‘q-dori yetkazib berish bo‘yicha yangi koalitsiya yaratilishi haqida e’lon qilindi.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijdagi sammit yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida kelajakda ukrainaga qo‘shinlar yuborilishini istisno qilmagan edi.
Sharhlar