“Tolibon” Afg‘onistonda Facebook bloklanishini e’lon qildi

Фото: Rambler

Toliblar hukumati Afg‘onistonda Facebook’ni “bloklash strategiyasi”ni ishlab chiqdi. Bu haqda mamlakat telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari vaziri vazifasini bajaruvchi Najibulla Haqqoniy ma’lum qildi, deb yozadi “Mediazona”.

U cheklovlar kiritilishi haqida 6-aprel kuni TOLOnews telekanali efirida ma’lum qilgan. Bunday qaror o‘sib kelayotgan avlodni o‘ylab qabul qilinganini ta’kidlagan.

“Yoshlarimiz akademik jihatdan kuchsiz, ko‘pchiligi o‘qish va yozishni bilmaydi. Bu narsalarga (ijtimoiy tarmoqlarga) vaqt va pul sarflash kompaniyalar uchun foydali, ammo xalq uchun zararli. Shu sababli Facebook’ni cheklash va bloklash strategiyasi ishlab chiqildi”, — dedi mansabdor.

U ushbu strategiya nimadan iborat ekani va hukumat qachon saytni blokirovka qilishga kirishishiga aniqlik kiritmadi.

2024-yil fevralida NapoleonCat statistika portali Facebook’ning afg‘onistonlik auditoriyasini 4,76 million kishiga baholagan edi. Ularning ko‘pchiligi (2,16 million) 18—24 yoshdagi yoshlardan iborat.

Toliblar 2021-yil avgustida hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Afg‘onistonda ko‘plab cheklovlarni joriy qildi. Eng radikal choralardan biri qizlarning oltinchi sinfdan keyin ta’lim olishiga qo‘yilgan taqiq bo‘ldi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.