Fransiya Ukrainaga qo‘shin yuborishga shay mamlakatlar alyansini tuzadi
Fransiya Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimoliga tayyor bo‘lgan mamlakatlardan iborat alyans tuzmoqda, deb yozadi Politico. Parijni Boltiqbo‘yi mamlakatlari qo‘llab-quvvatladi.
Fransiya tashqi ishalr vaziri Stefan Sejurne Litvada Boltiqbo‘yi mamlakatlari va ukrainalik hamkasblari bilan uchrashib, Kiyevga harbiy yordamni, shu jumladan, G‘arb harbiylarini Ukrainaga yuborish ehtimolini muhokama qilgan.
G‘arb mamlakatlari Kiyevga qay tarzda yordam berishini ularning o‘zlari hal qilishi kerak, Rossiya bu borada buyruq bera olmaydi yoki “qizil chiziqlar torta olmaydi”, dedi Sejurne.
Uning qayd etishicha, Ukraina ayni paytda artilleriya o‘q-dorilarini yuborishni so‘ragan, qo‘shinlarni jo‘natish haqida Kiyevdan so‘rov kelib tushmagan. “Ammo biz yaqin oylar ichida hech narsani istisno qilmaymiz”, — dedi u.
Boltiqbo‘yi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Fransiyaning “nostandart fikrlash” qobiliyatini maqtadi. “Ukrainani qo‘llab-quvvatlash shakllarining hech birini hisobdan chiqarish kerak emas. Biz Ukrainaga ehtiyoj eng katta bo‘lgan sohalarda ko‘mak ko‘rsatishda davom etishimiz kerak”, — dedi Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergis.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijdagi sammit yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida kelajakda ukrainaga qo‘shinlar yuborilishini istisno qilmagan edi.
Shundan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Makronning bayonotiga munosabat bildirib, agar harbiylar yuborilsa, “biz Rossiya va NATO o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli haqida emas, balki muqarrarligi haqida gapirishimiz kerak bo‘ladi”, degan edi.
Yaqinda esa Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainadagi G’arb qo‘shinlari haqidagi g‘oyasini “aqlga sig‘maydigan narsa” deb hisoblamasligini bildirdi.
Ammo AQSh Ukrainaga qo‘shinlar yubormasligini ma’lum qildi. “Prezident Bayden AQSh Ukrainaga jang qilish uchun qo‘shinlar yubormasligini ochiq-oydin bildirdi”, — deyiladi Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
Sharhlar