Germaniya Ukraina uchun yangi moliyaviy va harbiy yordamni muzlatdi
5-avgust kuni Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusga yo‘llagan maktubida Germaniya endi byudjetga kiritilmagan yangi so‘rovlar bo‘yicha Ukrainaga yordam berish uchun mablag‘ ajrata olmasligini bildirdi. Bu haqda Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung (FAS) tegishli hujjatlarga, shuningdek, Germaniya rasmiylaridagi manbalarga tayanib xabar beradi.
Bu ma’lumot gazetaga Bundestagning Byudjet qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan: “Hozirda Ukraina uchun yangi buyurtmalar berilmayapti, chunki ular endi moliyalashtirilmaydi”. Germaniya hukumatidagi FAS manbasiga ko‘ra, Germaniya endi Ukrainaga hech qanday va’da bera olmaydigan payt keldi.
Lindnerning taxminicha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash keskin kamaymaydi: pul endi Germaniya federal byudjetidan emas, balki Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushadi. Ilgari Katta yettilik davlatlari Kievga 50 milliard yevro miqdoridagi kreditni moliyalashtirish uchun foydalanish kerakligi haqida kelishib olgan edi.
Biroq, G7 davlatlarining qarori hali ham “amalga oshirilmayapti va qonuniy jihatdan qarama-qarshidir”, deb yozadi FAS. Jurnalistlar suhbatlashgan federal idoralarning hech biri bu pul qachon kelishini bilmaydi.
Kelgusi yilda Germaniya Kievni qo‘llab-quvvatlashni ikki barobarga qisqartiradi – 8 milliard yevrodan 4 milliardga, 2027 yilda esa joriy hajmning 10 foizidan kamrog‘iga. Shu bilan birga, 2025-yil uchun ajratilgan mablag‘lar allaqachon turli shartnomalar bo‘yicha rejalashtirilgan.
Kil jahon iqtisodiyoti institutining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash trekeriga ko‘ra, Germaniya dunyodagi eng yirik donorlar reytingida AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2024-yil 30-iyundagi ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga 14,7 milliard yevro taqdim etgan. Undan keyin Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanada jami ajratmalar bo‘yicha mos ravishda 13,1, 9,1 va 7,2 milliard yevro bilan bormoqda.
Sharhlar