Ispaniyada o‘ldirib ketilgan rossiyalik uchuvchining yonidan qalbaki hujjatlar topilgan
Ispaniyaning EFE agentligining surishtiruvga yaqin manbalari 13-fevral kuni Vilyaxoyosda otib ketilgan erkak Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlarining Mi-8 vertolyotini o‘g‘irlab qochgan rossiyalik uchuvchi Maksim Kuzminov ekanini tasdiqladi, deb yozadi “Kommersant”. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uning yonidan topilgan hujjatlar tergov tomonidan qalbaki deb hisoblanmoqda.
Europa Press fuqarolik gvardiyasidagi manbalariga tayanib, o‘ldirilgan erkakning shaxsini aniqlash maqsadida qo‘shimcha surishtiruv olib borilayotgani haqida xabar bergandi. OAVlar 33 yoshli ukrainalikning jasadi topilgani haqida yozgandi (ammo Maksim Kuzminov 28 yoshda va u Rossiya fuqarosi). EFE manbalari qayd etishicha, ushbu xulosaga uning yonidan topilgan hujjatlar asosida kelingan, biroq ular “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”.
EFE ma’lumotlariga ko‘ra, erkakka taxminan olti marta o‘q uzilgan va dastlabki tergov xulosalariga ko‘ra, uning jasadini mashina bosib o‘tgan, qotillikni amalga oshirganlar shu mashinada qochgan. Maksim Kuzminovning vafotini avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi tasdiqlagan, undan avval bu haqda OAVlar xabar bergan edi.
2023-yil sentabrida Ukraina Razvedka bosh boshqarmasi rahbari Kirill Budanov razvedka rossiyalik harbiy xizmatchini Rossiya qurolli kuchlarining Mi-8 vertolyotini Ukraina hududiga qo‘ndirishga ko‘ndirganliklarini aytgandi. Keyinroq Maksim Kuzminov Kiyevdagi matbuot anjumanida so‘zga chiqib, o‘z qarorini harbiy operatsiyaga nisbatan salbiy fikrda ekani bilan izohlagandi. Ukraina Razvedka bosh boshqarmasi Kuzminov keyinroq Ispaniyaga ko‘chib ketganini ma’lum qilgandi.
Sharhlar