Isroil Erondagi yadro obyektlariga zarbalar berishga tayyorlanmoqda — OAV
Isroil Eronning har qanday ehtimoliy hujumlariga javob qaytarib Eron yadro obyektlariga zarbalar beradi. Bu haqda G‘arb maxsus xizmatlari vakili The Sun gazetasiga ma’lum qildi.
Saudiyaning Elaph News nashri ham 8-aprel kuni G‘arb xavfsizlik xizmatlari vakiliga tayanib, agar Tehron Damashqdagi Eron elchixonasiga uyushtirilgan va Islom inqilobi posbonlari korpusining yetti a’zosi o‘limiga sababchi bo‘lgan hujumga javob qaytarsa, Isroil Eron hududidagi nishonlarga, shu jumladan, yadro obyektlariga zarbalar berishi mumkinligi haqida yozgandi.
Elaph News suhbatdoshiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Isroil harbiy-havo kuchlarining maxfiy mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda, xususan, turli qiruvchilar va uzoq masofali dronlarni qo‘llagan holda.
Eronda bir nechta yadro obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalar, uran konlari va tadqiqot reaktorlari joylashgan. Ulardan birini ko‘zlab berilgan hujum Yaqin Sharqdagi nizoni misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirib yuborishi mumkin, deb yozadi The Sun.
Eslatib o‘tamiz, 1-aprel kuni Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki nafar genarali va yana besh a’zosi halok bo‘lgan edi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning hujumini qoralab, uni xalqaro huquqlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Shuningdek, Eron javob reaksiyasi ko‘rsatish va “tajovuzkorni jazolash” borasida qaror qabul qilishini bildirdi.
Sharhlar