Tehrondagi obyektga zarba yoki kiberhujum. Isroil Eronning hujumiga javob qaytarish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda
Isroil Eronning hujimiga javob zarbasini berish bo‘yicha “signal yuboradigan”, ammo qurbonlarga olib kelmaydigan bir nechta variantlarni ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Meduza. Bu haqda Washington Post isroillik manbalariga tayanib ma’lum qilgan. “Isroil javob qaytarishi kerakligiga hamma qo‘shiladi. Masala qanday va qachon javob berishda”, — dedi manba.
Isroil ittifoqdoshlari “haddan ortiq javob” ko‘rsatilishiga qarshi chiqyapti, Isroil esa ittifoqchilari bilan birga ishlamoqchi. “Biz qurbonlar bo‘lishiga olib keladigan harakatlar qilmasligimiz kerak, ammo javob qaytarishimiz muhim, chunki bu bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlarning barchasiga signal yuboradi”, — dedi Washington Post suhbatdoshi.
Isroil Eronning hujumiga javob qaytarish variantlari sifatida Tehrondagi obyektga zarba yoki kiberhujumni ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq AQSH Isroilga Eron hududiga hujumda yordam bermasligi ma’lum bo‘lgan edi. ABC manbalariga ko‘ra, bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantga 14-aprel kuni shaxsiy suhbat chog‘ida ma’lum qilgan.
14-aprelga o‘tar kechasi Eron yuzlab dronlar va raketalar yordamida Isroil hududiga hujum qildi, ular AQSH va Buyuk Britaniya ko‘magida urib tushirildi. Zarba 1-aprel kuni Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujumga javoban berildi. Shundan keyin Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Gersi Xalevi Isroil Eronga javob zarbasi berishini aytdi. Ammo 14 yoki 15-aprelga rejalashtirilgan hujum AQSHning nizo kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish haqidagi da’vatlari tufayli bekor qilindi.
Sharhlar