Janubiy Afrika Respublikasi Putin tashrif buyurgan taqdirda uning xavfsizligini ta’minlay olmaydi

Фото: РИА

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qo‘lga olish uchun order berilgani tufayli, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) hukumati uning respublikaga safari xavfsizligini ta’minlay olmaydi. Bu haqda JARning Rossiyadagi elchisi Mzuvukile Jeff Maketuka “TASS”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Diplomat qayd etishicha, JAR XJSga a’zo bo‘lib qolar ekan, Rossiya prezidentining Janubiy Afrikaga kelishi ehtimoli kamdir. “Ha, vaziyat shunaqa. Shunday ekan, bu gaplar to‘g‘ri”, — dedi Maketuka.

“Biz bitta odamning manfaati uchun o‘z qonunchiligimizni o‘zgartirolmaymiz, menimcha buni tushunish muhim. Esingizda bo‘lsa, 2023-yil avgustida Janubiy Afrika rasmiy bayonot e’lon qilib, birinchidan, biz XJSga a’zolik bo‘yicha o‘z majburiyatlarimizni tushunishimizni aytgandik, va bu yerda hech qanday chalkashlik bo‘lmasligi kerak, — dedi u. — Biz Rim statutini imzolagan tomon hisoblanamiz va Janubiy Afrika, agar qandaydir jiddiy narsa yuz bermasa, Rim statutidan chiqishi ehtimoli juda kam. Ayni paytda buning uchun asos yo‘q”.

Uning eslatishicha, Sankt-Peterburgga Afrika tinchlik tashabbusi delegatsiyasi kelganida, Rossiya—Afrika sammiti doirasida JAR bu masalada Rossiya bilan muzokaralar olib borgan va ikki prezident o‘rtasida Putin Janubiy Afrika bormasligi haqida kelishuvga erishilgan.

“Janubiy Afrika tomonidan o‘z qonunchilik jarayonlarining o‘zgartirilishi masalasiga kelsak, shuni ta’kidlash joizki, Janubiy Afrika — bu demokratiya, juda g‘ayratli va qat’iy demokratiya, u yerda qonunlar ratifikatsiyasi juda qat’iy jarayonlar vositasida amalga oshiriladi”, — dedi u.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.