Rossiyaning Belgorod va Kaluga viloyatlariga dronlar va “Grad” snaryadlari bilan hujum qilindi

Rossiyaning Belgorod va Kaluga viloyatlarida havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari “Grad” baravar o‘q otish raketa tizimining ikkita snaryadini va beshta uchuvchisiz uchar qurilmani tutib oldi va yo‘q qildi, deb xabar beradi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Idora aniqlik kiritishicha, dronlarning barchasi samolyot turida bo‘lgan.

Rossiya hududlari so‘nggi bir necha kunlardan buyon keng ko‘lamli dronlar hujumiga uchramoqda. Avvalroq Mudofaa vazirligi Belgorod va Kursk viloyatlarida bir kechada 14 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgandi. Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov viloyatga uchib kelayotgan sakkizda havo nishoni yo‘q qilinganini aytgandi. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lib, uch kishi yaralangan.

Bundan tashqari, Ukraina qo‘poruvchilari Belgorod va Kusrk viloyatining chegaraga tutash hududlariga bostirib kirishga urinayotgani xabar berilmoqda.

Avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi vakili Andrey Yusov qo‘poruvchilik guruhlari Rossiyaning chegara yaqinidagi Kursk va Belgorod viloyatlarini “faol jangovar harakatlar zonalari”ga aylantirib yuborganini aytgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.