Moskvada Ukraina xavfsizlik xizmati sobiq xodimining mashinasini portlatgan shaxs qo‘lga olindi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) 12-aprel kuni Moskvada Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) sobiq xodimi Vasiliy Prozorovning mashinasini portlatib yuborgan rossiyalikni qo‘lga olganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. FXX qayd etishicha, gumonlanuvchi Ukraina tomonidan yollangan.
Avtomobilni portlatib yuborgan fuqaro harbiy operatsiya boshlanganidan keyin Ukrainaga hududiga ketgan. 2023-yil oktabrida uni UXX xodimlari yollagan.
FXX da’vo qilishicha, gumonlanuvchiga vasiylik qilgan odam UXX rahbari Vasiliy Malyukdan bevosita olingan ko‘rsatmalar bo‘yicha ish tutgan. Fuqaro Rossiyaga qaytib kelib, portlovchi qurilma yasash uchun tarkibiy qismlarni qo‘lga kiritgan va Vasiliy Prozorov yashaydigan hududda razvedka olib borgach, uning avtomobiliga mina o‘rnatgan.
UXX sobiq xodimining mashinasi 12-aprel kuni Moskvaning G‘arbiy Degunino tumanida portlagan edi. Detonatsiya Vasiliy Prozorov avtomobilni o‘t oldirganidan keyin yuz bergan. Uning qo‘l va oyoqlari shikastlangan, shuningdek, portlash to‘lqini yaqinda turgan ikkita avtomobilga ham zarar yetkazgan edi.
Sharhlar