Isroil Eronning hujumiga qanday javob berish borasida bir qarorga kelgan — OAV

Foto: Getty Images

Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Eron tomonidan 14-aprelga o‘tar kechasi qilingan hujumga qanday javob qaytarishi haqida qaror qabul qilib bo‘lgan, ammo bu javob beriladigan vaqt hozircha aniq emas, deb yozadi Meduza. Bu haqda The Jerusalem Post o‘z manbalariga tayanib xabar bergan.

Nashr suhbatdoshlari bu aynan qanaqa hujum bo‘lishiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, ularning so‘zlariga ko‘ra, yakuniy qaror hali o‘zgarishi mumkin.

Nashr yozishicha, Isroil rahbariyati javob zarbasi berishga qat’iyan bel bog‘lagan, biroq “hamma dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Quddus nizo mintaqaviy urushga aylanib ketmasligi uchun hujumni hamon yumshatishga intilmoqda”.

Shu bilan birga, nashr qayd etishicha, hujum yaqin kunlarda yuz berishi muqarrar emas va kechiktirilishi ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Eronning hujumiga javob qaytarish variantlari sifatida Tehrondagi obyektga zarba yoki kiberhujumni ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Eron esa Isroil hujum qilgan taqdirda, bir necha soniya ichida javob qaytarishga va’da berdi.

Avvalroq AQSH Isroilga Eron hududiga hujumda yordam bermasligi ma’lum bo‘lgan edi. ABC manbalariga ko‘ra, bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantga 14-aprel kuni shaxsiy suhbat chog‘ida ma’lum qilgan.

14-aprelga o‘tar kechasi Eron yuzlab dronlar va raketalar yordamida Isroil hududiga hujum qildi, ular AQSH va Buyuk Britaniya ko‘magida urib tushirildi. Zarba 1-aprel kuni Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujumga javoban berildi. Shundan keyin Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Gersi Xalevi Isroil Eronga javob zarbasi berishini aytdi. Ammo 14 yoki 15-aprelga rejalashtirilgan hujum AQSHning nizo kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish haqidagi da’vatlari tufayli bekor qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.