Eron Isroilning hujumiga bir necha soniyada javob qaytarishga va’da berdi

Фото: Ronen Zvulun / Reuters

Isroil hujum qilgan taqdirda, Eron bir necha soniya ichida javob qaytaradi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bagiriy Qaniy ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

“Sinonistlarga endi 12 kun berilmaydi va ular oladigan javob kun va soatlar bilan emas, soniyalar bilan o‘lchanadi”, — dedi Qaniy 14-aprelga o‘tar kechasi Tehron tomonidan Isroilga qilingan hujumni izohlar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomonidan Damashqdagi Eron elchixonasiga berilgan aviazarbaga javoban Eron tomonidan dron va raketalar uchirilishi mamlakat uchun “o‘z manfaatlari va milliy xavfsizligini himoyalashdan iborat bo‘lgan”. Vazir o‘rinbosari ta’kidlashicha, agar Isroil tomoni diplomatik vakolatxonaga hujum qilmaganida, zarbalar berilmagan bo‘lardi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Eronning hujumiga javob qaytarish variantlari sifatida Tehrondagi obyektga zarba yoki kiberhujumni ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq AQSH Isroilga Eron hududiga hujumda yordam bermasligi ma’lum bo‘lgan edi. ABC manbalariga ko‘ra, bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Isroil mudofaa vaziri Yoav Galantga 14-aprel kuni shaxsiy suhbat chog‘ida ma’lum qilgan.

14-aprelga o‘tar kechasi Eron yuzlab dronlar va raketalar yordamida Isroil hududiga hujum qildi, ular AQSH va Buyuk Britaniya ko‘magida urib tushirildi. Zarba 1-aprel kuni Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujumga javoban berildi. Shundan keyin Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Gersi Xalevi Isroil Eronga javob zarbasi berishini aytdi. Ammo 14 yoki 15-aprelga rejalashtirilgan hujum AQSHning nizo kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish haqidagi da’vatlari tufayli bekor qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.