Tatariston hukumati o‘smirlarni 14 yoshdan mudofaa zavodlarida ishlashga jalb etmoqchi

Foto: DW

Tatariston hukumati mudofaa majmuasi korxonalarida ishlashga yoshlar va o‘smirlarni 14 yoshdan jalb qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Meduza.

Respublika hukumati tomonidan tayyorlangan yoshlar bandligiga ko‘maklashish dasturi loyihasiga ko‘ra, 14—18 yoshdagi o‘smirlar uchun ishga joylashish tartibi soddalashtiriladi va ularga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida zavodlarda ishlashga ruxsat beriladi.

Dastur mualliflari ta’kidlashicha, Tataristonda yosh ishchilar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Bunga 1990-yillarda tug‘ilish darajasi pasayib ketishi, shuningdek, hozirgi paytda yoshlar ishlashdan ko‘ra umumiy, o‘rta, kasbiy va oliy ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olishni afzal ko‘rayotgani sabab qilib keltirilgan.

Tatariston hukumati qayd etishicha, yangi tashabbus amalga oshirilgan taqdirda, 15—29 yoshdagi yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi 7 foizgacha pasayadi (bu ko‘rsatkichning hozirgi darajasiga aniqlik kiritilmagan).

Nashr eslatishicha, 2023-yilda Tatariston parlamenti o‘smirlarga 16 yoshdan zararli va xavfli ishlab chiqarish korxonalarida ishlash uchun ruxsat beradigan tuzatishlarni tayyorlagan edi. Jamoatchilik tomonidan keng ko‘lamli tanqidlardan so‘ng hujjat ko‘rib chiqishdan olib tashlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.