AQSH ittifoqdoshlariga Rossiya aktivlari yordamida 50 mlrd dollarlik obligatsiyalar chiqarishni taklif qildi. Daromad Ukrainaga beriladi
AQSH “Katta yettilik” (G7) bo‘yicha ittifoqdoshlariga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan foyda bilan ta’minlangan 50 milliard dollarlik obligatsiyalar chiqarish uchun mexanizm yaratishni taklif qildi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Tushgan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish taklif etilmoqda.
Taklif G7 va Yevroittifoq mamlakatlarida bloklab qo‘yilgan Rossiya Markaziy banki aktivlarini birlashtirishni ko‘zda tutadi.
Ta’kidlanishicha, muzlatilgan Rossiya aktivlarining uchdan ikki qismidan ortig‘i Yevroittifoqda bloklangan bo‘lib, ular yiliga qariyb 3,6 milliard dollar foyda keltiradi. Taklif etilayotganidek obligatsiyalar joylashtirilsa, 60 milliard dollarga yaqin daromad tushadi — ya’ni bu AQSH kongressdagi kelishmovchiliklar tufayli Ukrainaga ajrata olmayotgan yordam paketiga deyarli teng bo‘ladi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, muhokamalar ilk bosqichda turibdi. Ba’zi G7 mamlakatlari, shu jumladan, Germaniya va Fransiya Vashingtonning ushbu g‘oyasi yuzasidan “ehtiyotkorlik bildirgan”.
Rossiya Ukraina bilan urush boshlaganidan buyon G;arbda 280 milliard yevroga yaqin mablag‘ muzlatilgan holatda turibdi. Ularning katta qismi (qariyb 210 milliard yevro) Yevroittifoqda, shu jumladan, naqd pul va davlat obligatsiyalari shaklida saqlanmoqda. Yevroittifoq hukumati kamida 2022-yil kuzidan buyon ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Sharhlar