AQSH Adliya vazirligi Apple’ga qarshi da’vo berdi. Kompaniya smartfonlar bozorini monopollashtirishda ayblanmoqda

Foto: EPA

AQSH Adliya vazirligi Apple’ga qarshi sudga da’vo kiritib, kompaniyani smartfonlar bozorini monopollashtirishda va raqobatni bostirishda aybladi, deb yozadi Meduza.

Idora da’vosida aytilishicha, kompaniya “noqonuniy ravishda raqobatchilarni va iste’molchilar imkoniyatlarini cheklash uchun o‘zining iPhone ustidan nazorati”dan foydalangan. Adliya vazirligi Apple’ni yangi ilovalar  soni oshishiga xalal berishda va raqobatchi mahsulotlar jozibadorligini pasaytirishda ayblamoqda.

Da’voda AQSH Adliya vazirligi talqini bo‘yicha, kompaniya tomonidan ko‘rilgan bir nechta chora-tadbirlar sanab o‘tilgan. Xususan, u yerda “iste’molchilarga raqobatchi smartfon platformalarini almashtirishni osonlashtirishi mumkin bo‘lgan” ilovalar bloklangan, begona raqamli hamyonlar cheklangani, boshqa kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan aqlli soatlar “funksionalligi kamaytirilgani” haqida aytiladi. Bundan tashqari, Apple, Adliya vazirligiga ko‘ra, foydalanuvchilar iPhone’dan foydalanishda davom etishga majbur bo‘lishi uchun, boshqa qurilmalarda xabarlar yuborish uchun o‘z ilovasi sifatini pasaytirib qo‘ygan.

Apple AQSH Adliya vazirligi ayblovlarini rad etdi va da’vo kompaniyaning asosiy faoliyatiga tahdid solishini aytdi.

Ta’kidlanishicha, bu 14 yil ichida AQSH Adliya vazirligi tomonidan monopoliyaga qarshi qonun buzilishi ehtimoli yuzasidan Apple’ni sudga berishi bilan bog‘liq uchinchi hodisadir. Ammo kompaniya birinchi marta “o‘zining ustunlik holatini noqonuniy ravishda saqlab qolish”da ayblanmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.