Oq uy: AQSH Putin — Rossiya prezidenti degan voqelikdan kelib chiqib ishlashda davom etadi
Rossiya prezidenti saylovlari erkinlik va adolat mezonlariga muvofiq bo‘lmadi, deya ma’lum qildi AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan jurnalistlarga.
“Voqelik shundan iboratki, Putin — Rossiya prezidenti. Biz Ukrainada yuz berayotgan hodisalar va AQSH manfaatlariga zid bo‘lgan boshqa qadamlar fonida ushbu voqelik bilan ish ko‘rishga majbur bo‘ldik… Va biz ushbu voqelikda harakatlanishda davom etamiz. Ammo bu voqelik saylovlar erkinlik va adolat mezonlariga mos bo‘lmaganini rad etmaydi”, — dedi Sallivan RF prezidenti saylovlarini izohlar ekan.
AQSH prezidenti yordamchisi, shuningdek, ovoz berish natijalari oldindan ma’lum bo‘lganini, chunki Putinning siyosiy muxolifati yo hibsda yotgani, yo fojiali tarzda halok bo‘lganini qayd etdi.
O‘z navbatida, AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel Vashingtondan “tabrik qo‘ng‘iroqlari bo‘lmasligi”ni aytdi. U Rossiyadagi saylovni “ishonib bo‘lmaydigan darajada nodemokratik jarayon” deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi byulletenlarning 100 foizi hisoblab chiqilganidan keyin bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Vladimir Putin saylovchilarning 87,28 foiz ovozlarini qo‘lga kiritgan. Ushbu muddat uning uchun beshinchisi bo‘ladi.
Rossiya muxolifati G‘arb mamlakatlarini saylov natijalarini tan olmaslikka chaqirdi. Biroq AQSH, Yevroittifoq va blokka kiruvchi mamlakatlar vakillari bayonotlarida bu haqda hech narsa deyilmadi.
Sharhlar