Pentagon Rossiya tufayli deyarli har hafta sun’iy yo‘ldosh uchirishga va’da berdi
AQSH orbitaga kichikroq, arzon va mustahkam sun’iy yo‘ldoshlarni olib chiqishni boshlaydi, ularni deyarli har hafta uchirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda AQSH mudofaa vaziri o‘rinbosari Ketlin Xiks ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“Uzoq vaqtlar davomida bizning sun’iy yo‘ldoshlarimiz turkumlarini barmoq bilan sanash mumkin edi, ular avtobus kattaligida bo‘lardi, ularni qurish uchun o‘nlab yillar, ishga tushirish uchun ham yillab vaqt kerak bo‘lardi”, — deya eslatdi u.
14-fevral kuni Pentagon Proliferated Warfighter Space Architecture rejasi doirasida raketalarni kuzatish tizimining prototipini orbitaga olib chiqdi. Ushbu reja Yerga yaqin past orbitani yuzlab kichik va arzon sun’iy yo‘ldoshlar bilan qoplashga qaratilgan. Maqsad shundan iboratki, hatto AQSH dushmanlari Amerikaning ba’zi sun’iy yo‘ldoshlarini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham, tizim orbital to‘rdagi boshqa qurilmalarga tayangan holda ishlashda davom etadi.
Amerika hukumati so‘nggi yillarda Rossiya yoki Xitoy bilan har qanday yirik harbiy nizo yuzaga kelgan taqdirda, ular birinchi bosqichda AQSHning koinotdagi telekommunikatsiyalar, geolokatsiya va kuzatuv tizimlarini ishdan chiqarishga urinadi, deb taxmin qila boshlagan.
Ayni paytda Amerika harbiy sun’iy yo‘ldosh tizimlarining ko‘pchiligi dushman tomonidan hujumga dosh berolmaydigan holatda: ularning hajmi katta va soni kam.
15-fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi respublikachi Mayk Tyorner bayonot e’lon qilib, “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ogohlantirdi va AQSh prezidenti Jo Baydendan ushbu “tahdid”ga taalluqli “barcha ma’lumotlarni oshkor etish”ni talab qildi.
Keyinroq ABC News kanalining manbalari razvedka ma’lumotlari Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari bilan bog‘liqligini bildirdi. “Gap uni Yerga tashlash haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llash ehtimoli haqida bormoqda”, — deb yozdi nashr.
Kreml esa Moskvaning kosmosdagi yangi yadro salohiyati haqidagi AQShning ogohlantirishini rad etib, buni “yomon niyatli uydirma” va Oq uyning amerikalik qonunchilardan Rossiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq mablag‘ni tasdiqlatishga qaratilgan hiylasi deb atadi.
Sharhlar