Qirg‘iziston prezidenti 20—21-fevral kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi

Foto: “RIA Novosti”

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifi bilan 20—21-fevral kunlari Qozon shahriga tashrif buyuradi. Japarov “Kelajak o‘yinlari” sport musobaqasi ochilish marosimida qatnashadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirda boshqa chet davlatlar rahbarlari, shuningdek, “atoqli xalqaro va jamoatchilik arboblari, yirik IT-kompaniyalar rahbarlari” qatnashishi kutilmoqda. Gap kim haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmadi.

Safar doirasida Japarov Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashadi. Ular ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilishi rejalashtirilmoqda.

O‘tgan safar Rossiya va Qirg‘iziston prezidentlari 2023-yil dekabrida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti doirasida va MDH rahbarlari norasmiy uchrashuvida ko‘rishgandi. Ikkala tadbir ham Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.