Donald Tramp tilla krossovkalar brendini ishga tushirdi

Foto: AP

AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp o‘zining Trump Sneakers krossovka brendini ishga tushirdi, deb yozadi “Kommersant”. Lineykada jami uch juft oyoq kiyim bo‘lib, ularning narxi 199 dollar va 399 dollardan.

Poyabzallar taqdimoti 17-fevral kuni Filadelfiyada bo‘lib o‘tdi. Bundan bir kun avval, 16-fevral kuni esa Nyu-York sudi Tramp va uning o‘g‘illarini moliyaviy hisobotlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topib, 355 million dollar miqdorida jarima belgilagan edi.

“Men buni anchadan beri amalga oshirmoqchi bo‘lib yuruvdim. Men bilan ajoyib odamlar ishlaydi, buni ular o‘ylab topdi. O‘ylaymanki, krossovkalar juda muvaffaqiyatli bo‘ladi”, — dedi Donald Tramp taqdimot chog‘ida.

Uchta oyoq kiyimdan iborat lineykadan T harfi va AQSH bayrog‘i tushirilgan The Never Surrender High-Tops (“Hech qachon taslim bo‘lma”) nomli tilla krossovkalar o‘rin olgan. Saytda aytilishicha, har bitta juftga raqam berilgan, jami ming juft krossovka chiqariladi, bir juftining narxi — 399 dollar. Savdo 2024-yil iyulida yo‘lga qo‘yiladi. Oldindan buyurtmaga chiqarilgan krossovkalarning barchasi sotib olingan.

Hozir saytda 199 dollarlik ikki xil krossovkaga oldindan buyurtma berish mumkin, bular — POTUS 45 yozuvi, T harfi, tillarang 45 raqami va AQSH bayrog‘i tushirilgan oq rangli trikotajdan tikilgan krossovka hamda T — Red Wave yozuvi, T harfi, kumushrang 45 raqami va AQSH bayrog‘i tushirilgan qizil trikotaj krossovkadir. Ushbu poyabzallar 2024-yil avgustida sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, Nyu-Yorkda sud AQShning 45-prezidenti Donald Trampni firibgarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha aybdor deb topgandi. Unga 354,9 million dollar to‘lash majburiyati yuklandi. Sudya Artur Engoron, shuningdek, Trampga uch yil mobaynida Nyu-Yorkda istalgan korporatsiyaning xodimi yoki direktori bo‘lib ishlashni taqiqladi. Sobiq prezidentning o‘g‘illari — kichik Donald Tramp va Erik Tramp 4 million dollardan to‘lashi kerak.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.