Qirg‘iziston Shveysariyadagi Ukraina bo‘yicha sammitda qatnashishdan bosh tortdi
Qirg‘iziston vakillari 15—16-iyun kunlari Ukrainadagi tinchlik masalalari bo‘yicha Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan sammitda qatnashmaydi. Bu haqda Vazirlar mahkamasi raisi Edil Baysalov Deutsche Welle telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Eng boshidan davlatimiz rahbari biz shunday pozitsiyani saqlab turamizki, Ukrainaga ham, Rossiyaga ham teng munosabatda bo‘lamiz, deb e’lon qilgan edi. Ularning ikkalasi ham biz uchun yaqin bo‘lgan davlatlar”, — dedi Baysalov.
Mansabdor aniqlik kiritishicha, mamlakat sammitda qatnashmasligi haqida Ukrainani xabardor qilgan. “Biz hozircha to‘la-to‘kis ikki tomonlama muzokaralargacha yetib bormadik, bizning bevosita ishtirokimiz hozircha unchalik qimmatli bo‘lmaydi, Ukraina esa bizning pozitsiyamizni qabul qildi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Baysalov.
Sammit ishtirokchilari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan “tinchlik formulasi”ni va boshqa masalalarni muhokama qiladi. Uchrashuvga 160 ta mamlakatdan hukumat rahbarlari va prezidentlar darajasidagi delegatsiyalar taklif qilingan. Rossiya vakillari ushbu sammitga chaqirilmagan.
Sharhlar