Ramzan Qodirovning qizi Donetsk xalq respublikasi ordeni bilan taqdirlandi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning to‘ng‘ich qizi Ayshat Donetsk xalq respublikasi (DXR) ordeni bilan taqdirlandi, deb yozadi “RBK” respublikaning milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Axmed Dudayevga tayanib.
Vazir qayd etishicha, Ayshat Qodirova mintaqaga gumanitar missiya bilan shaxsan tashrif buyurgan, old frontdagi chechenistonlik jangchilarni ko‘rgani borgan va DXRning ehtiyojmand aholisiga yordam berish uchun delegatsiya yuborgan.
Ayshat Qodirova 25 yoshda. 2020-yil sentabrida Checheniston rahbari o‘z qizini madaniyat vaziri o‘rinbosari etib tayinladi, bir yildan keyin u vazir bo‘ldi, keyinroq esa Checheniston hukumatining ijtimoiy blok bo‘yicha raisi o‘rinbosariga aylandi.
2021-yil dekabrida u “Inson huquqlarini himoya qilganlik uchun” medali bilan taqdirlandi. Keyinchalik “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berildi.
2023-yil sentabrida Qodirova Rossiya madaniyati va san’atiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, “ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati” uchun “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni medali bilan mukofotlandi.
Eslatib o‘tamiz, Ramzan Qodirovning yana bir qizi Xadijat avvalroq Checheniston rahbari va hukumati ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.
O‘g‘li Adam Qodirov esa respublika rahbari xavfsizligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi.
Sharhlar