Ukrainadagi G‘arb qurollari Rossiyaning to‘sqinlik qiluvchi tizimlari tufayli samarasiz bo‘lib qoldi

Foto: Reuters

Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari (REK) Ukraina armiyasining AQSHdan olingan yuqori texnologik qurollardan foydalanish imkoniyatini yo‘qqa chiqarmoqda. REK tizimlari shu jumladan, HIMARS boshqaruv tizimlari va Excalibur GPS-tizimli artilleriya snaryadlari signallarini to‘smoqda. Natijada ukrainalik harbiylar ulardan foydalanishdan butunlay voz kechishiga to‘g‘ri kelgan, deb yozadi The Washington Post.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar shikoyatlaridan so‘ng AQSH olti oy avval Excalibur raketalarini yetkazib berihni to‘xtatgan: ularning samaradorligi bir necha oy ichida 10 foizdan kamroqqa tushib ketgan. AQSH yuqori mansabli amaldori anonimlik sharti bilan nashrga ma’lum qilishicha, Pentagon Rossiyaning REK tizimlariga qarshi turishda Ukrainaga yordam berish ustida ishlashda davom etmoqda. Avvalroq Rossiya REK tizimlari JDAM bombalari ishiga qattiq xalal bergan edi. Ammo hozir ishlab chiqaruvchi Ukrainaga snaryadlarning yaxshilangan versiyasini yetkazib bermoqda.

HIMARS tizimlari samarasizligi shunga olib keldiki, juda qimmatbaho snaryadlar hozir ahamiyati kam bo‘lgan nishonlarni urish uchun ishlatilmoqda. Ukraina harbiylari haligacha o‘z HIMARS raketalarini samarali deb hisoblamoqda, ammo ularning Rossiya tomonidan bostirilishi shunga olib kelishi mumkinki, raketalar 15 metr va undan ham ko‘proq masofaga adashishi mumkin.

The New York Times yozishicha, rossiyalik harbiylar REK vositalari yordamida Ukraina hududida SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet signalini bostirishga eng ko‘p muvaffaq bo‘lmoqda, bu esa nizoda taktik siljishga olib kelishi mumkin.

Avvalroq Washington Post 10-may kuni Rossiyaning Xarkov viloyatiga hujumi boshlangan paytda ukrainalik harbiylar Rossiyaning REK tizimlari tufayli dronlar orqali Rossiya qo‘shinlari harakatini kuzatish imkoniyatini yo‘qotgani haqida yozgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.