Rossiyaning Samara viloyatidagi neft zavodi dron hujumidan keyin yonib ketdi

Foto: Wikipedia

Rossiyaning Samara viloyatidagi Sizran neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in yuz bergani haqida shahar ma’muriyati ma’lum qildi. Zavod xodimlari evakuatsiya qilingan, hech kim jabrlanmagan.

Keyinroq gubernator Dmitriy Azarov aniqlik kiritishicha, neft zavodi uchuvchisiz uchar qurilma hujumiga uchragan, oqibatda neft mahsulotlarini qayta ishlaydigan uskuna yonib ketgan.

Yana bir dron Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilishga uringan, ammo, Azarovning so‘zlariga ko‘ra, urinishning oldi olingan.

Dronlar hujumi fonida Samara viloyatida neftni qayta ishlash zavodlari himoyasi kuchaytirilgan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy yig‘ilishlar o‘tkazgani, ularda Rossiyaning Ukraina kuchlari “eng katta zarar” yetkazishi mumkin bo‘lgan “eng zaif joylari” aniqlanganini ma’lum qilgan edi.

Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yil boshidan buyon Rossiyaning neft tarmog‘iga aloqador korxonalariga 11 marta dronlar bilan hujum qilingan.

Rossiya Ukrainaga to‘liq ko‘lamda bostirib kirganidan buyon, RFning chegaraga tutash hududlari uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan o‘qqa tutilmoqda. So‘nggi kunlarda Rossiyaning Belgorod viloyatiga hujumlar yanada shiddatli tus oldi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.