Senat Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonun va tadbirkorlik kodeksini ko‘rib chiqadi
Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda Senatning ellik beshinchi yalpi majlisini 2024-yil 15-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ta’kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
“О‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, “О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda О‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi hamda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, kun tartibidan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun, bir qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilish va Xalqaro mehnat tashkilotining konventsiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar ham o‘rin olgan.
Navbatdagi yalpi majlisda О‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqish, О‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha axborotini eshitish ham rejalashtirilmoqda.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Sharhlar