Zelenskiyga nisbatan suiqasd rejalari fosh qilingach, Ukraina Davlat qo‘riqlov boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy davlat rahbariga nisbatan suiqasd rejalari oldi olinganidan keyin Davlat qo‘riqlov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudni ishdan bo‘shatdi, deb yozadi DW. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni imzolangan, ammo ishdan olish sabablari keltirilmagan.

47 yoshli Sergey Rud 2019-yil noyabridan buyon mansabdor shaxslarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan va bevosita prezidentga bo‘ysunadigan muassasa bo‘lgan Davlat qo‘riqlash boshqarmasi rahbari lavozimini egallab kelgan. Ungacha esa Rud shu muassasaning shaxsiy qo‘riqlash va shaxsiy tarkib bilan ishlash departamentlarida turli lavozimlarni egallagan, Kiyev milliy universitetining DQB institutida ishlagan.

7-may kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati ukrainalik mansabdorlar va siyosatchilar, shu jumladan, Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirgan ikki polkovnik qo‘lga olingani haqida xabar bergandi.

UXX ma’lum qilganidek, davlat qo‘riqlash boshqarmasining qo‘lga olingan ikki polkovnigi Vladimir Zelenskiyni kelajakda o‘ldirish maqsadida unga yaqin odamlarni qidirish bilan shug‘ullangan agentura tarmog‘iga kirgan. Tarmoq faoliyati, UXX da’vo qilishicha, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan boshqarilgan.

Avvalroq, 6-may kuni esa Ukraina davlat qo‘riqlash boshqarmasi departamentlaridan birining rahbari Andrey Guk qo‘lga olingani ma’lum bo‘lgandi. U qo‘riqlanuvchi shaxslar, shu jumladan, prezidentga aloqador maxfiy ma’lumotlarni to‘plashda va chet el maxsus xizmatlariga uxatishda gumonlanmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.