Ukraina hujumi oqibatida Rossiyaning Taganrog aviazavodi va u yerda modernizatsiya qilinayotgan A-50 samolyoti yo‘q qilingan
9-mart, shanba kuni ertalab Ukraina dronlarining hujumi natijasida Rossiyaning Taganrog aviatsiya zavodi va “uchar radar” deb ataluvchi A-50 samolyoti yo‘q qilingan. Bu haqda xalq deputati Aleksey Goncharenko o‘z manbalariga tayanib ma’lum qildi.
“Taganrog aviazavodi va u yerda modernizatsiya qilinayotgan A-50 samolyoti nUkraina qurolli kuchlarining tonggi hujumlari oqibatida yo‘q qilindi. Menga bu axborotni tasdiqlab berishdi”, — deb yozdi Goncharenko.
Eslatib o‘tamiz, 9-martga o‘tar kechasi Rossiya havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari mamlakatning to‘rtta hududida 47 ta uchuvchisiz uchar qurilmalarni tutib qolgan va yo‘q qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi hujumda “Kiyev rejimi”ni aybladi.
Baza Telegram-kanali Rostov viloyatida Ukraina dronlari Beriyev nomidagi ilmiy-texnik majmua tarkibiga kiruvchi aviatsiya korxonasi hududiga zarba berishga uringanini xabar qilgandi. Ushbu zavod A-50 razvedkachi samolyotlarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy fevral oyi boshidan beri Rossiya 15 ta samolyotini yo‘qotgani haqida aytgandi.
Ukraina qurolli kuchlari (UQK) so‘nggi haftalar mobaynida bir nechta bombardimonchi samolyotlarni urib tushirganiga qaramasdan, Rossiya Ukraina bo‘ylab shiddatli aviazarbalar berishda davom etmoqda.
Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) qayd etishicha, agar bu unga olg‘a siljishda yordam beradigan bo‘lsa, Rossiya o‘z jangovar aviatsiyasini boy berishga tayyor.
Sharhlar