Chexiyalik talaba qiz “Dunyo go‘zali” tanlovida g‘olib bo‘ldi

Foto: AP

2023-yilgi “Dunyo go‘zali” (Miss World) 71-xalqaro go‘zallik tanlovi g‘olibasi chexiyalik 24 yoshli Kristina Pishkova bo‘ldi, deb xabar beradi “Kommersant”. Ikkinchi o‘rinni livanlik Yasmina Zaytun egalladi. Tanlov Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tdi.

Tanlov saytida Pishkova talaba, ko‘ngilli (volonyor) va model sifatida ko‘rsatilgan. Huquq va biznes boshqaruvi sohasida tahsil oladi. Ingliz, polyak, slovak va nemis tillarida so‘zlasha oladi. Ta’lim orqali barqaror rivojlanishni o‘z oldiga maqsad qilgan fondga asos solgan. Ta’kidlanishicha, Tanzaniyada kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ingliz tili maktabini ochgan. Fleyta (nay) va skripka chaladi.

Kristina Pishkova ushbu tanlovda g‘olib bo‘lgan ikkinchi chexiyalikka aylandi. 2006-yilda shu mamlakat vakilasi Tatyana Kuxarjova “Dunyo go‘zali” deb tan olingan edi. 2021-yilda tanlovda polshalik Karolina Belyavska g‘olib bo‘lgan. 2022-yilda esa undan avvalgi tanlov muddatlari o‘zgarib ketgani tufayli tadbir o‘tkazilmagan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.