Donald Tramp Jo Baydenni debatlarga chaqirdi
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp prezident Jo Bayden bilan iloji boricha tezroq debatlar o‘tkazmoqchi ekanini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ular Amerika xalqi uchun muhim bo‘lgan muammolarni muhokama qilishi zarur.
“Men har doim, har yerda va istalgan joyda debatlarga da’vat qilaman. Javobni sabrsizlik bilan kutaman”, — deb yozdi Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Jo Bayden jurnalistlarga Trampning “boshqa qiladigan ishi yo‘q”ligini aytdi. “Uning o‘rnida men bo‘lganimda ham o‘zim bilan bahslashishni xohlagan bo‘lardim”, — dedi prezident. Baydenning saylovoldi shtabi ma’lum qilishicha, Donald Tramp “e’tiborga tashna”, nomzodlar o‘rtasidagi zarur muloqot esa “muvofiq paytda” o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden va sobiq prezidenti Donald Tramp 5-mart, “superseshanba” kuni partiya praymerizlari va kokuslar bo‘lib o‘tgan shtatlarning ko‘pchiligida g‘alaba qozondi.
Sharhlar