Tramp va Bayden “superseshanba” kungi praymerizda ko‘pchilik shtatlarda g‘alaba qozondi

Фото: Газета.ру

AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden va sobiq prezidenti Donald Tramp 5-mart, “superseshanba” kuni partiya praymerizlari va kokuslar bo‘lib o‘tgan shtatlarning ko‘pchiligida g‘alaba qozondi, deb xabar beradi CNN.

Bayden va Tramp Demokratlar va Respublikachilar partiyalarining tegishli ravishda Kaliforniya va Texas shtatlarida bo‘lib o‘tgan ichki partiyaviy ovoz berishlarda g‘olib chiqdi. Nomzodlikni ilgari surish uchun ovozlari zarur bo‘lgan delegatlarning eng katta soni ushbu ikkita shtatdan chiqadi.

Respublikachilar partiyasidan nomzodlarni ilgari surishda Trampning asosiy raqibi Nikki Xeyli Vermontda yagona g‘alabani qo‘lga kiritdi. Xeyli delegatlar soni bo‘yicha Trampdan keskin farq bilan ortda qolmoqda va Reuters yozishicha, nomzodini ilgari surish uchun real imkoniyatlarga ega emas.

Jo Bayden AQSHning Amerika Samoasi hududida bir martagina mag‘lubiyatga uchradi, u yerda biznesmen Jeyson Palmer g‘olib bo‘ldi.

OAVlar prognozlariga ko‘ra, Bayden Ayova, Vermont, Virjiniya, Shimoliy Karolina, Oklaxoma, Tennessi, Men, Massachusets, Texas, Arkanzas, Alabama, Kolorado, Minnesota, Yuta va Kaliforniyada g‘alaba qozongan.

Tramp Virjiniya, Shimoliy Karolina, Oklaxoma, Tennessi, Men, Texa, Arkanzas, Alabama, Kolorado, Minnesota, Massachusets va Kaliforniyada g‘olib bo‘lgan.

CNN yozishicha, Tramp 936 delegat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, ammo nomzodini ilgari surish uchun unga 2429 delegatdan 1215 nafarining ovozini to‘plashi kerak. Baydenga esa 1312 delegat ovoz berishga tayyor, aslida esa 3934 delegatdan 1968 tasi uni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

AQSHda prezidentlik poygasi chog‘ida ichki partiyaviy saylovlar bir vaqtning o‘zida bir nechta shtatda bo‘lib o‘tadigan seshanba “superseshanba” deb ataladi. Bu Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarni aniqlashda eng muhim voqealardan biridir.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.