Ittifoqdosh mamlakatlar Ukrainaga 800 mingta snaryad sotib olish uchun mablag‘ni deyarli to‘liq yig‘ib bo‘ldi

Фото: Аргументы недели

Ukrainaga ittifoqdosh mamlakatlar Chexiya tashabbusi bilan Ukraina uchun 800 mingta snaryad sotib olish uchun zarur bo‘lgan pulning deyarli hammasini yig‘ib bo‘ldi, deb xabar beradi Bloomberg.

Nashr o‘z manbasiga tayanib qayd etishicha, snaryadlar uchinchi mamlakatlardan sotib olinib, bir necha hafta ichida Ukrainaga yetkazib berilishi mumkin.

Fevral oyida Myunxen konferensiyasida Chexiya prezidenti Petr Pavel mamlakat Yevropadan tashqarida 500 mingta 155 mm kalibrli va 300 mingta 122 mm kalibrli — jami 800 mingta snaryad topganini, ularga egalik qiluvchi mamlakatlar ularni zudlik bilan sotishga tayyorligini aytgandi.

Chexiya mablag‘ yig‘ishni e’lon qildi va ushbu operatsiyani muvofiqlashtirmoqda. Chexiyaning o‘zidan tashqari, Germaniya, Fransiya, Polsha, Kanada, Niderlandiya, Daniya, Latviya va Litva pul berishga tayyor.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, shu haftadayoq ushbu operatsiyada ishtirok etayotgan davlatlar mudofaa va tashqi ishlar vazirlari xarid tafsilotlarini va yetkazib berish grafigini muhokama qilishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.