Ukraina armiyasi Avdeyevkadan qo‘shinlarni qisman olib ketishni boshladi — WP

Foto: The Washington Post

Ukraina harbiylari Donetsk viloyatidagi Avdeyevka shahridan qo‘shinlarni qisman olib ketishni boshlaganini ma’lum qildi, u Ukraina qurolli kuchlari (UQK)ning Donetsk chekkasidagi muhim mustahkamlangan tumani edi. Bu haqda Amerikaning The Washington Post gazetasi ukrainalik harbiylarga tayanib xabar berdi.

Gazeta suhbatdoshlari fikricha, Avdeyevkaning qo‘ldan boy berilishini vaqt ko‘rsatadi. Ukrainaning shahardagi so‘nggi tayanchi, katta ehtimol bilan, vayron bo‘lgan koks kimyosi zavodi bo‘ladi, deb yozadi nashr.

Avdeyevka egallab olingan taqdirda, deb yozadi WP, bu Rossiya qo‘shinlari 2023-yilda “Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin jang maydonida qo‘lga kiritgan eng ahamiyatli g‘alaba”ga aylanadi va bu “Kiyevga askar, qurol-yarog‘, o‘q-dori, ruhiy dalda va pul yetishmayotganligi tufayli, Rossiya qo‘shinlari tashabbusni o‘z qo‘liga qaytarib olayotganidan darak beruvchi eng yaqqol belgi bo‘ladi”.

Rossiya qo‘shinlari Avdeyevkaga hujumni 2023 yil oktabrida boshlagan va katta talafotlarni boshdan o‘tkazgan edi. 2024 yil boshidan buyon Rossiya armiyasi UQK guruhi uchun ta’minot yo‘li o‘tadigan koks kimyosi zavodini Avdeyevkadan uzib qo‘yishga urinmoqda. 15-fevral kuni Rossiya va Ukraina manbalari RF qo‘shinlari Avdeyevkaga asosiy kirish yo‘lini egallab olganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.