Bayden xavfsizlikka tahdid tufayli Rossiya bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni buyurdi

Foto: Getty Images

AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar koordinatori Jon Kirbi avvalroq OAVlar xabar bergan milliy xavfsizlikka tahdid Rossiya ishlab chiqayotgan sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi vositalarga aloqador ekanini tasdiqladi, deb yozadi “RBK”. U tafsilotlarni keltira olmasligini ta’kidladi, ammo ushbu vositalar hali ishga tushirilmagnini aytdi.

“Hozir kimningdir xavfsizligiga nisbatan bevosita xavf yo‘q. Biz odamlarga hujum qilish mumkin bo‘lgan yoki Yerda jismoniy vayronagarchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan qurol haqida aytmayapmiz”, — dedi Kirbi.

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’lumotlar bilan tanishib chiqqach, o‘z ma’muriyatiga diplomatik kanallar orqali Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishishini buyurgan. Kirbining so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlar keng ommaga tarqalib ketganidan “juda xavotirda” bo‘lib, zudlik bilan ommaga e’lon qilgandan ko‘ra, yopiq holda surishtiruv o‘tkazilishi ancha samaraliroq yondashuv bo‘lgan bo‘lardi, degan fikrda.

Jurnalistlarning muloqotlar haqidagi savollariga javob berar ekan, Kirbi Vashington allaqachon Rossiya tomoni bilan bog‘langani, biroq muayyan muzokaralar olib bormaganini aytdi.

15-fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi respublikachi Mayk Tyorner bayonot e’lon qilib, “milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid” haqida ogohlantirdi va AQSh prezidenti Jo Baydendan ushbu “tahdid”ga taalluqli “barcha ma’lumotlarni oshkor etish”ni talab qildi.

Keyinroq ABC News kanalining manbalari razvedka ma’lumotlari Rossiyaning koinotga yadro quroli joylashtirish rejalari bilan bog‘liqligini bildirdi. “Gap uni Yerga tashlash haqida emas, balki sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qo‘llash ehtimoli haqida bormoqda”, — deb yozdi nashr.

Kreml esa Moskvaning kosmosdagi yangi yadro salohiyati haqidagi AQShning ogohlantirishini rad etib, buni “yomon niyatli uydirma” va Oq uyning amerikalik qonunchilardan Rossiyaga qarshi kurashish uchun ko‘proq mablag‘ni tasdiqlatishga qaratilgan hiylasi deb atadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.