Germaniyada Alisher Usmonovning shikoyatidan keyin ikki nafar prokurorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Rossiyaning USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonov o‘z huquqlari buzilgani haqida ariza bergach, Frankfurt-Maynda ikki nafar prokurorga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Bild.
Frankfurt prokuraturasi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, Bosh prokuraturaning bir nafar katta va bir nafar oddiy prkuroriga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Bunga ikki kishi tomonidan berilgan arizalar sabab bo‘lgan, ular orasida “Rossiya Federatsiyasidan bo‘lgan 70 yoshli biznesmen” ham bor.
Ish odil sudlovdan og‘ish va aybsizlarni ta’qib qilishda gumonlab qo‘zg‘atilgan. Nashr ushbu ishni 2022-yil kuzida bo‘lib o‘tgan tintuvlar bilan bog‘ladi, ular o‘tgan yil mayida Frankfurtdagi sud tomonidan noqonuniy deb topilgan, keyinroq esa tintuv doirasida musodara qilingan barcha buyumlar qaytarilishi belgilangan edi.
Biroq, Bild ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh prokuratura xodimlari “sud tomonidan berilgan noqonuniylik ta’rifi ahamiyatga ega emas”ligini, chunki ular “boshqacha nuqtai nazar bilan qaragani”ni da’vo qilishgan.
Ayni paytda Frankfurt prokuraturasi dastlabki tergov doirasida surishtiruv boshlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Alisher Usmonov 2022-yildan buyon Yevroittifoq sanksiyalari ostida. U sanksiyalarga sud orqali e’tiroz bildirishga qaror qildi. Germaniya tergov organlari rossiyalik biznesmenni pul yuvishda va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda gumon qilmoqda. Biznesmen esa barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Avvalroq Alisher Usmonovning himoyasi iqtisodchi Anders Oslund va Germaniya Federal jinoiy politsiya boshqarmasining X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Tvitter) xabarlarini o‘chirishga muvaffaq bo‘lgani xabar berilgan edi. Yevropa Ittifoqi Kengashi bu xabarlardan tadbirkor va uning singlisi Gulbahor Ismoilovaga qarshi sanksiyalarni qo‘llashda dalil sifatida foydalangan
Sharhlar