AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi

AQSH Kongressining quyi palatasi Ukrainaga harbiy yordam ajratish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar beradi Meduza. Qonun loyihasini yoqlab 311 kongressmen ovoz berdi, 112 ta qarshi ovoz berildi.

Ma’qullangan hujjat qariyb 61 milliard dollar ajratilishini ko‘zda tutadi.

Ushbu summadan 23 milliardi Amerika qurol zaxiralarini to‘ldirish uchun, 11 milliardi AQSHning mintaqadagi operatsiyalarini moliyalashtirish uchun, yana 14 milliardga yaqini esa zamonaviy qurol-yarog‘ va mudofaa tizimlarini sotib olish uchun mo‘ljallangan. Bevosita Ukrainaga qurol-yarog‘ uchun 23,2 milliard dollar ajratilmoqda.

Bundan tashqari, hujjat AQSH prezidentiga Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalarini taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Biroq Oq uy rahbari raketalarning berilishi AQSH milliy xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblasa, ushbu qarorni kechiktirishi mumkin.

Hujjat Senatda ovozga qo‘yilishi kerak, shundan keyin uni AQSH prezidenti imzolaydi.

AQSH Kongressi o‘tgan yil kuzidan buyon respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli, Ukrainaga 61 milliard dollar miqdoridagi harbiy yordam ajratilishini ma’qullay olmayotgan edi. Kiyev uchun harbiy yordam paketi AQSH milliy xavfsizligi haqidagi yagona qonun loyihasiga kirgan, uni respublikachilar Amerika chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni qamrab olmagani uchun qabul qilishdan bosh tortgan edi.

Aprelda bitta qonun loyihasi o‘rniga Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam haqida alohidagi qonunlar loyihalari, shuningdek, AQSH milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim etildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.