Yevroparlament Navalniyning o‘ldirilishi yuzasidan rezolyutsiya qabul qiladi

Foto: EPA

Yevroparlamentda 28-fevral kuni yalpi sessiya bo‘lib o‘tadi, unda koloniyada o‘ldirilgan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya chiqish qiladi, deb yozadi Meduza.

Sessiyada Navalniyning vafoti munosabati bilan rezolyutsiya qabul qilinadi. Unda, shuningdek, Rossiyada “siyosiy mahbuslar va jabr-zulm qilinayotgan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun” choralar ko‘rilishi zarurligi haqida gapiriladi.

Bolgariyaning Yevroparlamentdagi delegatsiyasi shtatdan tashqari maslahatchisi va Free Russia Foundation konsultanti Petar Tanev ma’lum qilishicha, Yevroparlament deputatlari “Aleksey Navalniy xotirasini sharaflab, uning nomini erkinlik va demokratiya kurashchisi sifatida abadiylashtirmoqchi”. Tanevning so‘zlariga ko‘ra, Yevroparlament Navalniyning o‘ldirilishini “Rossiyadagi uzoq davom etayotgan siyosiy repressiyalar cho‘qqisi” sifatida baholamoqda.

Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy 16-fevral kuni Yamal-Nenets muxtor okrugi Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etgani haqida xabar berdi. Muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilib, darhol hushini yo‘qotgan. RT propaganda kanali manbasi qayd etishicha, uning o‘limiga tromb yorilishi sabab bo‘lgan. Koloniyada Aleksey Navalniyning onasiga u “to‘satdan o‘lim sindromi”dan vafot etganini aytishgan. Lyudmila Navalnayaga berilgan o‘lim haqidagi tibbiy xulosada o‘lim sababi sifatida “tabiiy sabablar” keltirilgan.

Aleksey Navalniyning jasadi to‘qqiz kun davomida uning qarindoshlariga berilmadi. Tergovchilar siyosatchining onasini shantaj qilib, jasad berilishi uchun o‘z shartlarini keltirdi. Xususan, ular Navalniyning dafn marosimi haqidagi ma’lumotni sir tutishni talab qilib, aks holda siyosatchini koloniya hududiga dafn etish bilan tahdid qildi. 24-fevral kuni kechqurun Navalniyning jasadi onasiga berildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.