Zelenskiy Yaponiyada Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha konferensiyadagi chiqishini bekor qildi
Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha Tokioda bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada Vladimir Zelenskiyning chiqishi bekor qilindi, deb yozadi “Kommersant”. Zelenskiy unda videoaloqa orqali nutq so‘zlashi kutilayotgan edi.
“Ukraina tomonidan bayon qilingan sabablarga ko‘ra videomurojaat translyatsiyasi bekor qilindi”, — deya ma’lum qildi tadbir moderatorlari YouTube orqali translyatsiya chog‘ida. Ular nutq bilan chiqishdan bosh tortilishi sabablariga aniqlik kiritmadi.
Yaponiya Ukraina vakillari ishtirokida ikki tomonlama konferensiya tashkil qildi. Tadbirda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida va uning ukrainalik hamkasbi Denis Shmigal nutq so‘zladi. Konferensiyada 200 ga yaqin Yaponiya va Ukraina kompaniyalari vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, unga G7 mamlakatlarining Tokiodagi elchixonalari vakillarini taklif etish ham rejalashtirilgan edi.
Ukrainaga Yaponiya tomonidan ajratilgan mablag‘ miqdori 7,6 milliard dollardan oshadi. Tokiodagi konferensiya yakunlangach, Tokio Kiyevga 106 million dollarlik yangi yordam paketini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Yaponiya hukumati shuningdek, Ukrainaga biznes vakillari safarlariga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Sharhlar